OLTIN CHIPTA marafoni ofertasi
Kuchga kirgan sana: 3-noyabr 2026
Ushbu oferta «OLTIN CHIPTA» marafonida qatnashish shartlarini belgilaydi. Marafon Teatrning 2026-yil 3-noyabrdagi 11-01/41-sonli buyrug‘iga 1-ilova — Marafon nizomiga asoslanadi. Marafonda qatnashish ixtiyoriy va bepul: chipta narxi va xarid shartlari bundan o‘zgarmaydi.
1. Umumiy qoidalar
1.1. Ushbu hujjat O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 367 va 369-moddalariga muvofiq, Navoiy viloyati qo‘g‘irchoq teatri (keyingi o‘rinlarda — «Teatr») tomonidan chipta xaridorlariga (keyingi o‘rinlarda — «Qatnashchi») «OLTIN CHIPTA» marafonida (keyingi o‘rinlarda — «Marafon») qatnashish bo‘yicha e’lon qilingan ommaviy oferta hisoblanadi.
1.2. Marafon Teatrning 2026-yil 3-noyabrdagi 11-01/41-sonli buyrug‘iga 1-ilova — Marafon nizomiga (keyingi o‘rinlarda — «Nizom») asosan o‘tkaziladi. Ushbu oferta Nizomni qatnashchilar uchun amaliy tartibga soladi; Nizom bilan ushbu oferta o‘rtasida tafovut yuzaga kelsa, Nizom ustun hisoblanadi.
1.3. Ushbu oferta chiptalarni sotish bo‘yicha ommaviy ofertani to‘ldiradi va uni o‘zgartirmaydi. Chiptani sotib olish, to‘lash va qaytarish o‘sha ofertaga muvofiq amalga oshiriladi.
1.4. Qatnashchi buyurtmada sinf yoki guruhni ko‘rsatib, «Saqlash» tugmasini bosgan paytdan (Teatr kassasida — kassirga sinf yoki guruhni aytgan paytdan) boshlab ushbu oferta shartlarini qabul qilgan (aksept) hisoblanadi.
1.5. Ushbu oferta o‘zbek, rus va ingliz tillarida e’lon qilinadi. Matnlar o‘rtasida tafovut yuzaga kelsa, o‘zbek tilidagi matn ustun hisoblanadi.
2. Marafonning mazmuni
2.1. Marafon — Navoiy viloyatidagi ta’lim muassasalarining sinflari va guruhlari o‘rtasidagi musobaqa: qaysi sinf yoki guruh hisobiga ko‘proq teatr chiptasi olinsa, o‘sha sinf yoki guruh sovrin oladi. Marafon tasodifiy lotereya emas: g‘oliblar elektron hisob natijalari bo‘yicha aniqlanadi.
2.2. Marafonda to‘rt turdagi muassasa qatnashadi: maktab (sinflar), maktabgacha ta’lim muassasasi — MTT (guruhlar), oliy ta’lim muassasasi — OTM (guruhlar) va texnikum (guruhlar). Davlat OTMlarida har bir fakultet alohida ishtirokchi, nodavlat OTMlar esa universitet sifatida qatnashadi. Muassasalar ro‘yxatini Teatr yuritadi.
2.3. Marafon sakkizta mustaqil yo‘nalish (liga) bo‘yicha o‘tkaziladi: maktablar va MTTlar — Navoiy shahri, Karmana tumani va viloyatning qolgan barcha tuman va shaharlari bo‘yicha alohida (oltita liga); OTMlar va texnikumlar — butun viloyat bo‘yicha (har biri bitta liga). G‘oliblar har bir liga bo‘yicha alohida aniqlanadi.
3. Qatnashish tartibi
3.1. Qatnashchi chipta sotib olayotganda Telegram-bot (@bolalar_teatri_bot) va uning Mini App’ida, bolalar-teatri.uz saytida yoki Teatr kassasida buyurtmaga muassasani hamda sinfni (sinf raqami va harfi) yoki guruh nomini ko‘rsatadi.
3.2. Qatnashish ixtiyoriy va bepul. Sinf yoki guruh ko‘rsatilmasa ham chipta sotiladi.
3.3. Bitta buyurtma bitta sinf yoki guruh hisobiga yoziladi. Sinf yoki guruhni buyurtma to‘languniga qadar o‘zgartirish yoki olib tashlash mumkin; to‘langan buyurtmada u o‘zgartirilmaydi.
3.4. Teatr bitta guruhning turlicha yozilgan nomlarini bitta nomga birlashtirishi mumkin.
4. Chiptalarni hisoblash
4.1. Sinf yoki guruh hisobiga shu sinf yoki guruh ko‘rsatilgan to‘langan buyurtmalardagi har bir amaldagi yoki kirishda foydalanilgan chipta (joy) bitta chipta (+1 ball) sifatida yoziladi. Teatr kassasida sotilgan va sinf yoki guruh ko‘rsatilgan chiptalar ham hisobga kiradi.
4.2. Chipta to‘lov sanasi bo‘yicha (Toshkent vaqti) tegishli mavsumiy bosqich va yilga yoziladi; spektakl sanasi ahamiyatga ega emas.
4.3. Bepul abonement orqali kirishlar hisobga ball bermaydi.
4.4. Qaytarilgan chipta hisobdan chiqariladi (10-bo‘lim).
5. Davrlar
5.1. Marafon yili 21-maydan keyingi yilning 20-maygacha (shu kuni ham) davom etadi va uchta mavsumiy bosqich hamda Yillik Grand-finaldan iborat.
5.2. 1-bosqich (Kuzgi mavsum) — 1-sentyabrdan 30-noyabrgacha; 2-bosqich (Qishki mavsum) — 1-dekabrdan fevral oyining oxirgi kunigacha; 3-bosqich (Bahorgi mavsum) — 1-martdan 19-maygacha (har bir bosqichning oxirgi kuni ham kiradi). Yillik Grand-final butun marafon yilining natijalari bo‘yicha aniqlanadi.
5.3. 21-maydan 31-avgustgacha olingan chiptalar 1-bosqich (Kuzgi mavsum) va Yillik Grand-final uchun hisobga olinadi. 20-may kuni olingan chiptalar faqat yillik hisobga kiradi.
5.4. Mavsumiy bosqich g‘oliblari bosqichdan keyingi kuni (1-dekabr, 1-mart, 20-may), Yillik Grand-final g‘oliblari 25-mayda e’lon qilinadi.
6. G‘oliblarni aniqlash
6.1. Har bir mavsumiy bosqich tugagach, har bir liga bo‘yicha shu bosqichda eng ko‘p chipta olingan sinf yoki guruh (OTM va texnikumda — akademik guruh) g‘olib bo‘ladi. Har bir bosqichda ko‘pi bilan sakkizta g‘olib (har bir ligadan bittadan) aniqlanadi.
6.2. Bosqich g‘olibi bo‘lish uchun sinf yoki guruh hisobiga ham, uning muassasasi (davlat OTMida — fakulteti) hisobiga ham shu bosqichda belgilangan minimal miqdorda chipta yozilgan bo‘lishi kerak. Maktab, OTM va texnikum uchun: sinf yoki guruh hisobiga kamida 200 ta, muassasa hisobiga kamida 800 ta chipta. MTT uchun: guruh hisobiga kamida 150 ta, MTT hisobiga kamida 500 ta chipta. Bu shartga javob beradigan sinf yoki guruh bo‘lmasa, shu liga bo‘yicha bosqich sovrini berilmaydi.
6.3. Bosqichda g‘olib bo‘lgan sinf yoki guruh navbatdagi mavsumiy bosqichda g‘olib bo‘la olmaydi; keyingi yilning bosqichlarida yana qatnashadi. Uning navbatdagi bosqichda olingan chiptalari muassasa va Yillik Grand-finalning hisobiga kiraveradi.
6.4. Eng ko‘p chipta olingan sinf yoki guruh 6.2 yoki 6.3-band shartiga javob bermasa, shu shartlarga javob beradigan keyingi sinf yoki guruh g‘olib bo‘ladi.
6.5. Yil yakunida (Yillik Grand-final) har bir liga bo‘yicha ikki nominatsiya g‘olibi aniqlanadi; yil g‘olibi sinf yoki guruh emas, butun muassasa (maktab, MTT, OTM fakulteti yoki universiteti, texnikum) bo‘ladi. «Mutlaq yetakchi» — marafon yilida o‘z ligasida eng ko‘p chipta olingan muassasa; buning uchun muassasa hisobiga shu yilda maktab, OTM va texnikumda kamida 2 500 ta, MTTda kamida 1 500 ta chipta yozilgan bo‘lishi kerak. «Eng hamjihat jamoa» — muassasa hisobiga shu yilda yozilgan jami chiptalar sonini uning sinflari yoki guruhlari soniga bo‘lganda eng yuqori natija chiqqan muassasa; buning uchun muassasa hisobiga shu yilda maktab, OTM va texnikumda kamida 1 200 ta, MTTda kamida 750 ta chipta yozilgan bo‘lishi kerak. Sinflar yoki guruhlar soni muassasa Teatrga taqdim etgan ma’lumot bo‘yicha olinadi; bu ma’lumotni taqdim etmagan muassasa «Eng hamjihat jamoa» nominatsiyasida qatnashmaydi. «Eng hamjihat jamoa» nominatsiyasida shu ligadagi «Mutlaq yetakchi» g‘olibi qatnashmaydi: undan keyingi muassasa g‘olib bo‘ladi. Shartlarga javob beradigan muassasa bo‘lmasa, shu nominatsiya bo‘yicha yil sovrini berilmaydi. Yil g‘oliblarini aniqlashda 6.3-band qo‘llanilmaydi.
6.6. G‘oliblarni davr tugaganidan keyin Teatr hisob natijalari bo‘yicha tasdiqlaydi.
6.7. Bir nechta sinf, guruh yoki muassasa hisobiga teng sonda chipta yozilgan bo‘lsa, ko‘proq to‘langan buyurtmasi bor sinf, guruh yoki muassasa oldinda turadi. Buyurtmalar soni ham teng bo‘lsa, g‘olib Teatr qarori bilan aniqlanadi.
7. Sovrinlar
7.1. Mavsumiy bosqich sovrini (Nizomning 3.3-bandi): g‘olib sinf yoki guruhning har bir a’zosiga 3 oylik abonement; sinf yoki guruh xonasiga 18 000 BTU quvvatli («18 lik») konditsioner; sinf rahbari yoki guruh rahbariga maishiy texnika xarid qilish uchun 1 000 000 so‘mlik vaucher va Teatrning 1 000 000 so‘mlik «Do‘stlar kartasi».
7.2. OTM va texnikum guruhlari uchun konditsioner o‘rniga Samarqand yoki Buxoroga bir kunlik 40 kishilik tur-paket (yo‘l, ovqat va gid xizmati bilan) beriladi.
7.3. Yil sovrini: har bir ligada ikki nominatsiya — «Mutlaq yetakchi» va «Eng hamjihat jamoa»; har bir nominatsiya g‘olibi bo‘lgan muassasaga 75 dyuymli interaktiv sensorli panel (aqlli doska) va muassasa jamoasiga Teatrning 5 000 000 so‘mlik «Do‘stlar kartasi» topshiriladi.
7.4. Bitta muassasa yil yakunida ikkala nominatsiyada g‘olib bo‘lmaydi (6.5-band).
8. G‘oliblarni e’lon qilish va sovrinlarni topshirish
8.1. Teatr g‘olib sinf yoki guruh bilan muassasa orqali — sinf rahbari yoki guruh rahbari bilan bog‘lanadi va sovrinni topshirish vaqti va joyini kelishib oladi.
8.2. G‘olib sinf yoki guruh a’zolarining ro‘yxati muassasa orqali aniqlanadi.
8.3. Teatr g‘olib muassasa, sinf yoki guruh nomini o‘z saytida va Telegram kanalida e’lon qilishi mumkin. Bolalarning ismlari e’lon qilinmaydi.
9. Shaxsiy ma’lumotlar
9.1. Marafon uchun buyurtmada faqat muassasa va sinf (raqami va harfi) yoki guruh nomi saqlanadi. Bolalar, ota-onalar yoki o‘qituvchilarning ism-familiyasi so‘ralmaydi va saqlanmaydi.
9.2. Saytda oxirgi kiritilgan muassasa va sinf yoki guruh keyingi xaridda qayta yozmaslik uchun faqat shu brauzerning o‘zida saqlanadi.
9.3. Buyurtma va xaridorga oid boshqa ma’lumotlar ommaviy ofertaning 6-bo‘limiga muvofiq qayta ishlanadi.
10. Qaytarilgan chiptalar
10.1. Qaytarilgan chipta sinf yoki guruh hisobidan chiqariladi. Buyurtmaning bir qismi qaytarilsa, qaytarilmagan chiptalar hisobda qoladi.
10.2. Tasdiqlangan g‘olib bu sababdan g‘oliblikdan mahrum bo‘lmaydi.
11. Shartlarni o‘zgartirish va Marafonni tugatish
11.1. Teatr Marafon shartlarini o‘zgartirishi, Marafonni to‘xtatishi yoki tugatishi mumkin. Bu haqda Teatr saytida xabar beriladi; o‘zgarishlar e’lon qilingan kundan kuchga kiradi.
11.2. Marafon to‘xtatilganda buyurtmalarga yangi sinf yoki guruh yozilmaydi; shu paytgacha yozilgan chiptalar hisobda saqlanadi.
12. Aloqa va rekvizitlar
Navoiy viloyati qo‘g‘irchoq teatri
Manzil: Navoiy shahri, M. Tarobiy ko‘chasi, 605-uy
Telefon: +998 (93) 433-71-41, +998 (99) 750-17-16
Kassa ish vaqti: Seshanba – Yakshanba: 09:00 – 17:00 (Dushanba – dam olish kuni)